DSinGIS loyihasi doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya o`tkazildi




O`zbekiston Milliy universitetida 2018 yil 19-20 oktyabr kunlari bo`lib o`tgan Geoinformatika sohasida ilmiy tadqiqot ishlari: hozirgi holati va istiqbollari mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya o`tkazildi.
 


Konferentsiyada Shvetsiyaning Qirollik texnologiya instituti, Vengriyaning Obuda universiteti, Avstriyaning Zaltsburg universiteti, Germaniyaning Qishloq xo`jaligini rivojlantirish Leybnits instituti, Turkiyaning Kastamonu universiteti, Rossiyaning Moskva Davlat universiteti, Tojikiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Suv muammolari, gidroenergetika va ekologiya Instituti, O`zFA Seysmologiya ITI, O`zMU, TDTU, SamDU, SamDAQI, BuxDU, TDPU, TTPU, QarDU, FarPI, TAQI, TIQXMMI va boshqa OTMlardan jami - 140 kishiga yaqin professor-o`qituvchilar, doktorantlar, magistrantlar va iqtidorli talabalar ishtirok etdilar. Bundan tashqari O`zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Davlat qo`mitasi, Geoinformkadasr davlat unitar korxonasi, Geodeziya va kartografiya milliy markazi, Markaziy aerogeodeziya davlat unitar korxonasi, Kartografiya ilmiy-ishlab chiqarish davlat korxonasi, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot davlat instituti, Gidrometeorologiya xizmati markazi kabi qator ishlab chiqarish korxonalaridan ham vakillar qatnashishdi.





Konferentsiya ishida geoaxborot tizim va texnologiyalari bo`yicha olib borilayotgan tadqiqotlar asosida quyidagi yo`nalishlar bo`yicha O`zbekistonning barqaror rivojlanishiga ko`maklashish, ushbu tadqiqotlarni iqtisodiyotning turli sohalarida qo`llash asosida tezkor qarorlar qabul qilish imkoniyatlari muhokama etildi. 
1.Geodezik ishlarni olib borishda geoinformatika.
2.Mavzuli kartografiya, web-kartografiya, kartografik xizmatlar va ilovalar.
3.Tabiiy resurslarni boshqarishda kadastr xizmatlari.
4.Atrof-muhitni muhofaza qilish, er va suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda boshqarishda geoinformatika.
5.Arxitektura va qurilishda geoaxborot texnologiyalarini qo`llash.
6.Geofazoviy tahlil va modellashtirish.
7.Erni masofadan zondlash ma`lumotlarini qayta ishlash va tahlil qilish.
8.Ta`lim tizimida geoaxborot texnologiyalari.
9.Er haqidagi fanlarda geoaxborot texnologiyalarining roli.
Konferentsiyada ilmiy-amaliy yo`nalishlar bo`yicha 100 dan ortiq ilmiy maqolalar tushdi va ulardan 57 tasi konferentsiyaning dasturiy qo`mitasi tomonidan tanlab olinib, OAK ro`yxatida bo`lgan O`zbekiston geografiya jamiyati axboroti jurnalining maxsus sonida nashr etildi.

Konferentsiya yakunida Geoinformatika bo`yicha yangi doktorantura (PhD) ixtisosligini, innovativ doktorantura kurslari va metodologiyalarini yaratish hamda geoinformatika sohasida kasbiy rivojlanishni muntazam qo`llab quvvatlash; yuqori darajadagi axborot kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan ta`lim va ilmiy tadqiqot muhitini yaratish imkoniyatlarini o`rganish, oliy ta`lim  muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlari o`rtasidagi aloqalarni kuchaytirish; O`zbekistondagi hamkor OTM lar professor-o`qituvchilari va tadqiqotchilarining Geoinformatika sohasi bo`yicha ilmiy salohiyatini oshirish, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan geoinformatika sohasidagi professor-o`qituvchilar va tadqiqotchilarning butunjahon ilmiy hamjamiyatidagi ishtirokini oshirish va xalqarolashuvni kuchaytirish imkoniyatlarini o`rganish va ularni optimallashtirish borasida ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. 


Asosiy korsatkichlar
1200 -
10500 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
45 Talim yonalishlari